16 iyun kuni «Toshkent» telekanalida O‘zbekiston hududida moliya piramidasi tashkil etgan, xalq orasida "Ahmadboy" deya nom qozongan, noqonuniy valyuta operatsiyalari bilan shug‘ullanib kelgan Ahmadjon Tursunboyevning Toshkent viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingani haqida qisqa maxsus reportaj namoyish etildi. Bu reportaj kanalda kechki soat 20:15 va 22:15da takroran namoyish etildi. Shuningdek, «O‘zbekiston» kanalida ham kechki soat 20:15 va 21:30da efirda shu lavhalar.
Reportajda keltirilishicha, Tursunboyev — Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi «Chinoz halol chorva» va «Chinoz avto hamkor» mas'uliyati cheklangan jamiyatlari ta'sischisi hisoblanadi.
U va uning xodimlari aholidan hech qanday kafolat bermagan holda eng kamida 100 foizlik yillik ustama bilan qaytarish sharti bilan milliy va xorijiy valyutada pullarni qabul qilib olgan. Yanada aniqrog‘i, tomonlar biror kor-hol sodir bo‘lgan taqdirda pul topshirayotganlarning yaqinlari ularni qaytarishni talab qilmasligiga kelishgan. Qo‘shimcha ravishda, Tursunboyev oyiga 40 foizlik ustama bilan xorijiy valyutada qarzga pul berish bilan ham shug‘ullangan.
Bu kabi amaliyotlarda ishtirok etganlar soni bir necha o‘n ming kishini tashkil etgan. Pul topshirganlardan birining reportajda ta'kidlashicha, 8 mln so‘mni topshirgan va 10 oydan so‘ng uni 16 mln qilib qaytarishga kelishgan — har oyda 1,6 mln so‘mdan.
Tursunboyevning hisobchisi intervyuda kunlik aylanma 1 mln dollarni tashkil qilgani haqida gapirdi. U avval pul topshirganlarga keyin topshirilgan pullar hisobidan foizlar to‘lab borilganini aytgan.
Shuningdek, aholidan naqd puldan tashqari avtomobillar, qimmatbaho buyumlar har oyda foizlar to‘lab borish sharti bilan qabul qilingan. Bu jarayon hech qanday rasmiylashtirishlarsiz olib borilgan va faqat oddiy daftarga kimdan nima olingani yozib qo‘yilgan.
Aholidan olingan mablag‘larning bir qismiga chet eldan turli tovarlar va qimmatbaho buyumlar olib kelinib, tadbirkorlarga ustama foiz evaziga tarqatilgan. Reportajda Ahmadboyning hashamatli uyidagi garajda joylashgan qimmatbaho avtomobillar ((Cadillac Escalade, BMW, Lexus) ko‘rsatilgan.
Shuningdek, aholidan 1 yilda 2ta qilib qaytarish evaziga qoramollar ham qabul qilingan va ular uchun fermalar tashkil etilgan. Xodimlardan biri shu maqsadda 5-6ta ferma qurilgani, ularning har biri 5-6 ming tuyoq qoramol uchun mo‘ljallangani haqida gapirgan.
Reportajda qayd etilishicha, bu guruh 4-5 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.
Ma'lum qilinishicha, tezkor tadbir orqali Ahmadboydan tashqari uning besh nafar yordamchisi ham qo‘lga olingan.
Ular avtomobillarni naqd chet el valyutasiga sotish va valyutani konvertatsiya qilishda ayblanadi.
Tursunboyevning va uning yaqinlari uylarida, shuningdek, unga tegishli kompaniyalar ofislarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 13,139 mlrd so‘m hamda 7,9 mln dollar naqd pul topilgan. Vaziyat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, tergov ishlari olib borilmoqda.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 2013 yilning 1 yanvaridan boshlab aholiga naqd chet el valyutasi sotish taqiqlangan. Valyuta sotib olish uchun fuqarolar bankda hisob raqami ochib, valyuta ushbu hisob raqamiga bog‘liq bo‘lgan, xalqaro to‘lov tizimlarida ishlaydigan, bank kartalariga o‘tkazilar edi.