RF Tula shahri Privokzalnyy tuman sudi 2016 yil 15 iyun kuni kelib chiqishi o‘zbekistonlik Rossiya fuqarosi Quvonchbek Abdinazarovga nisbatan hukm chiqardi. U RF Jinoyat kodeksining 207 moddasi 1 bandi (qasddan terrorizm akti haqida yolg‘on xabar berish)da ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.
Sud tomonidan aniqlanishicha, 2016 yil 21 mart kuni rafiqasining O‘zbekistondan Rossiyaga kelishini xohlamagan Quvonchbek, spirtli ichimliklar ta'siri ostida, mobil telefonidan «112 xizmati»ga qo‘ng‘iroq qilib, «Sheremetevo» aeroportida bombalar bilan terrorchilar borligini va bu holat xotinining hayotiga tahdid solayotganini aytgan.
Mazkur yolg‘on xabar sabab ko‘rilgan choralar natijasida, aeroportda hech qanday bomba yoki terrorchilar yo‘qligi aniqlangan.
Sud mahkamasi Abdinazarov qaramog‘ida yosh bola borligi, uning muqaddam sudlanmagani Rossiya hududida ro‘yxatdan o‘tgani hamda ijobiy tavsifnomaga ega bo‘lganini inobatga olib, unga 300 soatlik majburiy mehnat jazosini tayinlagan.