“Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i OK Live deb nomlangan, real vaqtda translyatsiya qilish imkonini beradigan alohida xizmatni ishga tushirdi. Uni Google Play va AppStore’dan yuklab olish mumkin. Ushbu xizmat Qozog‘iston, Armaniston va Moldovada ishga tushgan. Keyinchalik OKdan ko‘p foydalaniladigan Rossiya va boshqa hududlarda ham ish boshlaydi.
Foydalanuvchi OK Live xizmati yordamida ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy profillar va guruhlarga mobil telefon orqali translyatsiya qilish imkoniga ega bo‘ladi. Xizmat shaxsiy videoplatforma bazasida ishga tushirilgan. Shu bois uni istalgan qurilmada: portalning veb va mobil versiyasidan, “Odnoklassniki”ning alohida ilovasi va Smart TV da ishlatish mumkin.
Jonli efir vaqtida tomoshabinlar xabar jo‘natishlari va OK Live ilovasiga hamda ijtimoiy tarmoqning o‘ziga «Klass!» belgilashlari mumkin.
« OK Live mobil ilovasi “Odnoklassniki”videoplatformasidagi mantiqiy rivojlanishdir. U ijtimoiy tarmoq bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, foydalanuvchiga istalgan vaqt, istalgan joydan onlayn translyatsiya qilish imkonini beradi», — dedi ijtimoiy tarmoqning «Video» loyihasi boshlig‘i Marina Krasnova.
OK Live xizmatining yopiq sinovi 2016 yilning aprel oyida, ommaviy taqdimoti esa 2016 yilning may oyida bo‘lib o‘tgan edi.