Germaniyaning “FairNews” axborot resursi o‘z portalida Toshkentga bag‘ishlangan maqola chop etdi. Ushbu maqolada nemis o‘quvchilariga poytaxtimizning tarixi, uning qayta tiklanishi va hozirgi qiyofasi haqidagi ma'lumotlar berilgan.
"Bu maskan kishini ohangarabodek o‘ziga maftun etadi, u yerdagi odamlar hamda ijobiy muhitni tasvirlashga so‘z ojizlik qiladi. Toshkentga borgan xorijlik mehmonlar buni juda yaxshi bilishadi. Toshkent o‘ziga xos va betakror shahardir" deyilgan maqolada.
Shuningdek unda yurtimizdan jahonga mashhur olimlar, adiblar, donishmandlar, buyuk san'atkorlar, sport ustalari hamda jamoat arboblari yetishib chiqqani alohida qayd etilgan.
"O‘zbekistonning poytaxti jahon siyosiy va ishbilarmonlar elitasini o‘ziga jalb etayotgan maskan sifatida xizmat qilmoqda. Toshkentda munatazam ravishda yuksak darajali xalqaro forumlar o‘tkaziladi. Oxirgi yillarda poytaxtda ShHT davlat rahbarlarining kengashi, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi majlislari, Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo quyosh energiyasi forumi kabi bir qator nufuzli anjumanlarning o‘tkazilishi buning yaqqol misolidir", deyiladi portalda.
Maqolada shuningdek shahrimiz tarixiy qiyofasini saqlab qolish bilan birga yangilanishda davom etayotgani alohida qayd etilgan. Yangi qurilayotgan me'morchilik namunalari - zamonaviy mehmonxonalar, ko‘priklar, turar joylar, xiyobonlar, yo‘llar qurilayotgani hamda bu bilan shahar aholisi va mehmonlariga qulay sharoit yaratilayotgani ta'kidlangan. Unda Mustaqillik maydoni, Xotira maydoni, Markaziy Osiyoda yagona Toshkent teleminorasi, metropoliten, Chorsu bozori, Hazrati imom, Shayx Zayniddin, Shayx Hovandi Tohur, Yunusxon, Qaldirg‘och-biya kabi me'moriy obidalar haqida so‘z yuritilgan.
Shuningdek yurtimizdagi tinchlik, millatlaro hamjihatlik va barqarorlikka urg‘u bergan. Maqola so‘ngida muallif Toshkentdek ertaknamo shaharga tashrif buyurib, bu yerdagi mehmondo‘stlik, ajoyib manzara va mazali taomlardan bahramand bo‘lishga chaqiradi.