Aralash jang uslubi jangchisi, rossiyalik Fedor Yemelyanenko o‘zining navbatdagi raqibi braziliyalik Fabio Maldonadodan bir kilogrammga og‘irroq chiqdi. Bundan Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan jang oldidan vazn o‘lchash natijalari darak bermoqda.
Jang 17 iyunda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi madaniy dasturi doirasida bo‘lib o‘tadi.
Vazn o‘lchash vaqtida Yemelyanenko 105,95 kg, Maldonado 104,75 kg tosh bosdi.
2015 yil yozda faoliyatini qayta boshlashini e'lon qilgan Yemelyanenko 31 dekabrda Yaponiyada hindistonlik Jyeydip Singxni muddatdan avval mag‘lub etdi. Endi rossiyalik jangchi hisobida 39 ta jangdan 35 ta g‘alaba va 4 ta mag‘lubiyat bor. Rossiyalik sportchining ishtirokidagi bitta uchrashuv bo‘lib o‘tmagan deb topilgan.
Yemelyanenko og‘ir vazn toifasida Yaponiyaning Pride tashkiloti talqini bo‘yicha aralash yakkakurash hamda jangovor sambo bo‘yicha 4 karra jahon chempioni hisoblanadi.
Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi Rossiyada har yili o‘tadigan eng muhim iqtisodiy anjuman hisoblanadi. 1997 yildan beri forumda turli davlatlar yetakchilari, moliya vazirlari, Rossiya va xorijiy kompaniyalar rahbarlari, moliyachilar va olimlar Rossiya va rivojlanayotgan davlatlar bozorlari oldida turgan iqtisodiy masalalarni muhokama qilgani uchrashadilar. 2005 yildan forum ishida Rossiya prezidenti ham ishtirok etib keladi.