Yaponiyada mahalliy hukumat tomonidan subsidiyalashtirilgan yosh ayollarning tuxum hujayralarini muzlatib qo‘yish bo‘yicha birinchi davlat dasturi kuchga kira boshladi. Bu haqida Kiodo agentligi xabar berdi.
Uning ma'lum qilishicha, Tiba prefekturasidagi Urayasu shahrida joylashgan Dzyuntendo universitetining gospitalida dotatsiyalar yordamida 30 yoshgacha bo‘lgan birinchi ayolning tuxum hujayralari muzlatildi, yana 11 nafar mijoz bu muolajaga tayyorlanmoqda.
Urayasu hukumati 2015 yilda Yaponiyadagi past tug‘ilish ko‘rsatkichi bilan kurashish dasturi doirasida tuxum hujayralarini muzlatish bo‘yicha hamkorlik loyihasiga tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi. Tibbiyot etikasi qo‘mitasi joriy yilning mart oyida bu dasturni tasdiqladi.
Kiodo agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, Urayasu hukumati shahar aholisi kelajakda bolalar tug‘ilishini rejalashtira olishi uchun subsidiya sifatida uch yilga (2018 yilning martigacha) 90 million iyen (844 ming dollar) sarflashni ko‘zda tutmoqda.
Subsidiyalar Urayasuda yashovchi 20 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan ayollarga 45 yoshdan keyin muzlatilgan hujayralarni ishlatish sharti bilan beriladi. Bu tibbiy jarayon ayollarga 500-600 ming iyenga (5000-6000 dollar) tushar edi, ammo hukumat subsidiyalari ushbu xarajatlarni 100 ming iyenga (deyarli 1000 dollarga) tushiradi.