“O‘zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarmoq sanoat yarmarkasi ochildi. Unda 380 dan ziyod korxona o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Yarmarkada “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “O‘zbekenergo”, “O‘zbekko‘mir”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Toshkent rangli metall parchalari va rezgi-chiqitlarni tayyorlash va qayta ishlash zavodi, O‘zbekiston qattiq qotishmalar va o‘tga chidamli metallar kombinati hamda ular tarkibiga kiruvchi korxonalar, shuningdek, elektrotexnika, mebel, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda tadbirkorlik sub'yektlari ishtirok etmoqda.
Sanoat forumida “O‘zbekneftgazqazibchiqarish”, “O‘zgeoburg‘uneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “O‘zneftmahsulot”, “O‘zneftgazmash”, “O‘zneftgazqurilishinvest” korxonalari faol ishtirok etmoqda.
Yarmarkada “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar imkoniyatlari keng namoyish etilmoqda. Bu yerda “Farg‘onaazot”, “Navoiyazot”, “Ammofos-Maksam”, “Maksam-Chirchiq”, “Samarqandkimyo” aksiyadorlik jamiyatlari, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Qo‘qon superfosfat zavodi singari 15 ga yaqin ishlab chiqaruvchi tomonidan eksportga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kooperatsion aloqalarni yanada kengaytirish asosida o‘zlashtirish uchun istiqbolli bo‘lgan mahsulotlar bilan tanishish mumkin.
Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.