Saudiya Arabistoni Moliya vaziri Ibrohim Al-Assaf qirollikning mamlakat fuqarolari yoki xorijliklarga soliq solmoqchi ekanini rad etib, xorijliklarga soliq solish taklifi ilgari ham bo‘lganini aytar ekan, bu masala keyinchalik muhokama etilishini bildirgan.
U bu borada hech qanday tasdiqlov bo‘lmagani, bu Moliya vazirligi tomonidan bildirilgan takliflardan biri ekanini bildirdi.
U 7 iyun kuni "Qayta Tiklanish Milliy Dasturi -2020" (National Transformation Program, NTP-2020 ) munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot konferensiyasida jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Al-Assaf NTP-2020 dasturiga mas'ul vazir sifatida dasturning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi hamda barqarorligini yangi bosqichga olib chiqishini ta'kidladi.
Adliya vaziri Valid As-Samad NTP-2020'ni iqtisodiyot va taraqqiyot jihatdan qirollikning kelajagini belgilab beradigan asosiy mexanizmi deb atadi. U shuningdek Fiqh qonunlari kodeksi loyihasi tugallangani va hozirda ko‘rib chiqilayotganini aytdi.
Transport vaziri Sulaymon Al-Hamadan mazkur dastur asosida yo‘l-transport hodisalari natijasidagi o‘lim holatlarini kamaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganligini bildirdi.
"Avtomobil avariyasi ko‘rsatkichlari va o‘lim foizi mamlakatimizda juda yuqori. Bu halokat", - dedi u.
Shuningdek u port faoliyatining samaradorligini oshirish kerakligini ham ta'kidladi.