Saudiya Arabistoni 2020 yilga borib davlat sektoridagi mehnatga xaq to‘lash jamg‘armasi va subsidiyalarni qisqartirish loyihasini ma'qulladi.
Dushanba kuni Podshohlik Vazirlar Mahkamasi “Istiqbol-2030” (Vision 2030) deb nomlangan milliy dasturni qabul qildi. Ma'lumki, aprel oyidayoq taxt vorisi, shahzoda Muhammad bin Salmon davlat tarmog‘idagi oylik maoshlarga ajratiladigan harajatlarni 2020 yilga borib 40 foizga qisqartirish taklifini ilgari surgan edi. Shahzoda Muhammad bin Salmon otasi podshoh etib tayinlanishi bilanoq, Iqtisod va Taraqqiyot Kengashiga rahbarlik qila boshladi. Bu Kengash o‘tkazilayotgan islohatlarni nazorat qilib boradi.
Kuzatuvchilarning fikricha, neftdan keladigan daromadlarning qisqarib ketishi tufayli shahzoda Muhammad bin Salmon zarur chora-tadbirlar ko‘rishga majbur bo‘ldi. U davlat sektorida yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘lida neftdan tushadigan daromadlardan foydalangan avvalgi rahbarlarning yo‘lidan bormaslikka qaror qildi. Shahzoda Muhammad bin Salmon Saudi Aramco kompaniyasining hissalarni sotishga va jahonda eng yirik bo‘lgan Suveren jamg‘arma tuzish rejasini e'lon qildi. Shu tariqa xukumatning sahiyligiga nuqta qo‘yiladi.
Endilikda Saudiya Arabistoni fuqorolari xususiy sektordan ish qidirishga majbur bo‘ladi. Ayni damda davlat tarmog‘ida aholining uchdan bir qismi mehnat qiladi. Bu haqda Milliy dasturni taqdim qilgan Davlat xizmati masalalari bo‘yicha vazir Xolid bin Abdulloh al-Aray ma'lum qildi. Uning fikricha, aholi hamon ishonchli ish o‘rni va uzoq muddatli ta'til beruvchi davlat sektorida ishlashni afzal ko‘radi.
“Istiqbol-2030” loyihasiga ko‘ra, 2020 yilga borib Saudiya Arabistoni xususiy sektorida 450 mingta ish o‘rni yaratilishi kerak. Shuningdek, bir qator tarmoqlar, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimi modernizatsiya qilinadi. Tabiiy gaz qazib olish ikki barobar ko‘paytirilishi ko‘zda tutilgan. Podshohlik xotin-qizlar mehnatidan foydalanishni 23 foizdan 28 foizgacha ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Davlat sektorida ishlovchi ayollar soni ham 39,8 foizdan 42 foizgacha ko‘paytiriladi. Kuzatuvchilarning fikricha, so‘nggi 10 yillikda Saudiya Arabistonida xotin-qizlar maqomi ancha yuqoriga ko‘tarildi. Xususiy sektorda yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun Saudiya Arabistonining iqtisodiyoti qayta qurilishi kerak. Ayni shu ish amalga oshirilmoqda. Bu besh yil davom etadigan jarayon emas. Buning uchun yillar kerak bo‘ladi. Biroq jarayon boshlandi.
Bu dastur xalqaro hamjamiyatning e'tiboriga tushdi. Dasturga ko‘ra podshohlik iqtisodiyoti tubdan qayta quriladi. Neftga qaramlikka barham beriladi. Ayni damda dasturning ayrim bandlari hayotga tatbiq etila boshlandi. Sharhlovchilar “bu kabi islohatlar neft narxining pasayib ketishini kutib turmay, allaqachon boshlanishi kerak edi”, degan fikrlarni aytishmoqda. Ma'lumki, so‘nggi 18 oy davomida “qora oltin” narxining ikki barobar pasayib ketishi neft bozorida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Shu sababli ham podshohlik 2030 yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan istiqbolli loyihani qabul qilar ekan, mamlakat iqtisodiy va moliyaviy taqdirini o‘z qo‘liga oldi.
Loyihaga ko‘ra, neftga bog‘liq bo‘lmagan daromadlar ko‘paytiriladi. Ya'ni, kommunal va boshqa xizmatlar uchun soliqlar oshiriladi. Podshohlikka keluvchi mehmonlardan tushadigan daromadlarning ham ko‘paytirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ikkinchidan davlat tomonidan moliyalashtiriladigan investitsiya dasturlari qayta ko‘rib chiqiladi, harajatlar kamaytiriladi, subsidiyalar qisqartiriladi. Xorijdan qurol-aslaha sotib olish ham kamaytiriladi. Saudiya Arabistonining valyuta zahirasi jahonda eng ko‘p bo‘lishiga qaramay neft narxining tushib ketishi podshohlik iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani aniq.
Sharhlovchilarning aytishicha, Vision 2030 dasturini hayotga tatbiq qilish maqsadida podshohlikda ko‘p ish qilishga to‘g‘ri keladi. Buning uchun amalga oshiriladigan ishlar to‘laligicha muvoffiqlashtirilib turilishi kerak.
Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini qayta tuzish borasidagi olamshumul loyihaning hayotga tatbiq etilishini nafaqat Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari Hamkorlik Kengashiga a'zo besh mamlakat, balki ko‘plab mamlakatlar kuzatib borayotgani aniq. Chunki Podshohlik iqtisodiyotini qayta qurishga muvaffaq bo‘lgudek bo‘lsa, shu kabi muammolar bilan to‘qnash kelayotgan boshqa mamlakatlar ham undan o‘rnak olishi aniq.
Sharofiddin To‘laganov