BAAda hamyonbop sport spayderi yaratildi

Fan-texnika 22:04 / 09.06.2016 6513

BAAning Jannarelly kompaniyasi o‘zining birinchi modeli – Design-1 nomli sport spayderining birinchi ommaviy namoyishini o‘tkazdi. Avtomobil tasviri va u haqidagi ma'lumot o‘tgan yili chop etilgandi, hozirda esa ishlab chiqaruvchi avtomobilni seriyali tarzda ishlab chiqarish rejalarini ma'lum qildi. 

Yangi marka avtomobil dizayneri Entoni Jannarelli hamda yaxtalar qurish bo‘yicha shaxsiy firmaga ega va kompozit materiallar bo‘yicha mutaxassis hisoblanuvchi fransuz Frederik Jyuyo bilan birgalikda yaratilgan. Jannarelli birinchi arab superkari yaratilishida ishtirok etgan hamda BAAning Zarooq Sand Racer poyga yo‘ltanlamasi tashqi ko‘rinishi ustida ishlagan.

Mashinaning gabarit uzunligi 3860 mm, eni 1840 mm, balandligi 1080 mm ni tashkil qiladi, g‘ildirak bazasi o‘lchami 2425 mm ga yetadi. Sportkar negizida po‘lat va alyuminiydan yaratilgan rama yotadi, unda karbon va shisha toladan tayyorlangan kuzov panellari yotadi. 

Orqa privodli Design-1 mashinasi 6 silindrli Nissan atmosferali dvigateli va 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan ta'minlanadi. Mijoz istagiga ko‘ra, kompaniyada model uchun dvigatelning boshqa varianti ko‘rib chiqilishi mumkin. Sportkar bazaviy 304 ot kuchiga ega dvigatel bilan 100 km/soatga 4 soniyada erishadi, maksimal tezligi 220 km/soatni tashkil qiladi.

Avvalroq seriyali sportkarning birinchi nusxalari maxsus modifikatsiyada chiqishi ma'lum qilingandi. U karbonli aerodinamik obves, xrom bilan bezalgan kuzov elementlari, kichik o‘lchamdagi shamolga qarshi oyna, charm salon va avtomatik o‘t o‘chirish tizimi oladi. Hammasi bo‘lib bunday mashinadan 30 ta chiqarish rejalashtirilgan. 

Ayni vaqtda Jannarelly 20 ta avtomobilga avvaldan buyurtma oldi va 80 nafar potensial mijozlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Mashinaning narxi 55 ming dollarni tashkil qiladi. Birinchi mijozlar o‘z mashinalarini yoz oxirida oladilar. 

Keyinroq marka o‘z modelini Yevropa va Shimoliy Amerikada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Hozircha firma "Lotus"larni sotuvchi Marcassus Sport fransuz dileri bilan kelishuvga erishgan.

Ko‘proq yangiliklar: