AQShda yurak ko‘chirib o‘tkazishga navbatda turgan bemorlarga bunday hayotiy muhim organsiz uzoq vaqt yashash imkonini taqdim etuvchi yangi texnologiya muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi.
Sten Larkinning yuragi vazifasini 17 oy davomida uning ryukzagida yotgan uskuna bajardi. Bu haqida CNET ma'lum qilgan.
Larkin (hozir u 25 yoshda) va uning katta akasiga 10 yil avval "oilaviy kardiomiopatiya" tashxisi qo‘yilgan - nasliy miokard kasalligiga chalinganlar bemorlarning yurak faoliyati 10-20 yoshidan boshlab to‘xtashni boshlaydi. 2014 yilning dekabrida Larkinning bu organini olib tashlashdi, o‘rniga sun'iy yurak qo‘yildi, shundan so‘ng uni SynCardia Freedom Portable Driver deb nomlangan qurilmaga ulab qo‘yildi. Ushbu qurilmaning og‘irligi 6 kilogramm bo‘lib, u organizmda qonni yurgizish vazifasini bajaradi.
Qurilma yuragi butkul to‘xtagan bemorlarga mo‘ljallangan. U yelkada osib yuriladigan ryukzakda olib yuriladi: bu qon yurishi uchun birinchi ko‘chma kuch manbai. SynCardia Freedom Portable Driver 2014 yilda barcha klinik sinovlardan o‘tgan.
2014 yilda avstraliyalik jarrohlar uch nafar bemorga "o‘lik" yurak ko‘chirib o‘tkazishgan. Urishdan to‘xtagan yurakning transplantatsiya qilinishini olimlar butun bir davr hodisasi deb atashgan: yangi texnologiya tufayli ko‘chirib o‘tkazishga yaroqli organlar to‘plami ko‘payadi, bu insonlarning hayoti 30 foizga ko‘p saqlanib qoladi deganidir.
Ko‘chirib o‘tkaziladigan organlarga bo‘lgan talab deyarli doim taklifdan oshadi. Faqat AQShning o‘zidagina transplantatsiyaga 121 ming odam navbat poylab turibdi, bunday operatsiyani amalga oshirishning imkoni bo‘lmaganligi natijasida har kuni o‘rtacha hisobda 22 kishi hayotdan ko‘z yumadi.