Gretsiyaning Afina shahrida yengil atletika bo‘yicha "Filothei Women Gala-2016" xalqaro musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, unda ishtirok etgan ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi shohsupaga ko‘tarildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, balandlikka sakrash sektorida Svetlana Radzivil 1,95 metr natija qayd etdi. Uning bu natijasini takrorlash turnirda ishtirok etgan biror sportchiga nasib etmadi.
Mazkur musobaqada kumush medal bilan taqdirlangan yana bir o‘zbekistonlik sportchi Nadiya Dusanova esa 1,93 metr balandlikni zabt etdi.
Eslatib o‘tamiz, har ikki sportchi uchun "Rio-2016" o‘yinlari faoliyatlaridagi uchinchi Olimpiada o‘yinlari hisoblanadi. Bunga qadar ular 2008 yili Pekin (Xitoy) va 2012 yili London (Buyuk Britaniya)da bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilishgan.