AQSh prezidenti Barak Obama Hiroshimaga tashrifi davomida 1945 yilning avgustida Ikkinchi jahon urushiga ertaroq barham berish maqsadida atom bombasi tashlanishi tufayli halok bo‘lganlar xotirasi uchun barpo qilingan yodgorlik xiyoboniga tashrif buyurdi va yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydi.
Gulchambarga yapon tilida "Bu yerdagilarning ruhi orom olsin va biz ortiq bunday yovuzlik qilmaylik" yozuvi bitilgandi.
Shundan so‘ng, Obama kichik nutq irod qilgan: "Chaqin yorug‘i va olovli devor shaharni vayron qilishi insoniyat o‘zini yo‘q qilishdek dahshatga ega ekanini ko‘rsatib qo‘ygandi".
AQSh rahbarining so‘zlariga ko‘ra, odamlar Hiroshimaga kelib, yaqin o‘tmishdagi bu voqeani asoratlarini ko‘rib, bu haqda obdon o‘ylab ko‘rishi mumkin.
1945 yilning 6 avgustida Amerikaning B-29 bombardimonchisi Hiroshimaga to‘rt tonnali uran bombasini tashladi, portlashdan shu zahotiyoq 70 mingdan 100 minggacha bo‘lgan kishi halok bo‘ldi. Tirik qolganlarning ko‘pchiligi keyinchalik nurlanish kasalligidan vafot etdi. Atom zarbasi qurbonlarining umumiy soni 2015 yil 6 avgust holatiga ko‘ra, 297 684 kishini tashkil qildi.
Shuningdek, Janubiy Koreya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot vazirligi e'lon qilgan ma'lumotlarda Hiroshima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlanganida Koreya Yaponiya mustamlakasi bo‘lgan paytda majburiy mehnat uchun bu yerga olib kelingan 40 mingdan ortiq koreys halok bo‘lgani, 30 ming nafari radiatsion nurlanishdan aziyat chekkani aytilgan.