Trampning Respublikachilar partiyasidagi oxirgi raqibi ham prezidentlik poygasini tark etadi

Jahon 22:43 / 04.05.2016 15307

Ogayo shtati gubernatori, AQSh prezidentligi uchun saylovlarda respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Jon Keysik ham poygani tark etishga qaror qilgan. Shu tariqa, Donald Trampning partiya ichidagi raqiblari qolmadi. Bu haqda bir vaqtda NBC telekanali va Assoshieyted press axborot agentligi o‘z manbalariga asoslanib xabar tarqatgan.

Siyosatchi bu haqda kun oxiriga borib rasman ma'lum qilishi aytilgan.

U gubernator sifatida mashhur bo‘lishiga qaramasdan faqat o‘z shtatidagina saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashiga erishdi.

Bundan oldinroq, Trampdan Indianadagi praymerizda ortda qolgan respublikachi nomzod, texaslik senator Ted Kruz saylovdagi ishtirokini yakunlashi haqida ma'lum qilgandi.

Jon Keysik Vashingtonda bugun bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan, kampaniyasi doirasidagi uchrashuvlarni bekor qilgan, uning o‘rniga o‘z shtatidagi saylovchilar bilan uchrashuv belgilagan.

Bundan oldinroq "Yulduzlar jangi" filmi uslubida reklama ishlangan, unda Keysik o‘zini Trampga qarshi "yagona umid" deya atagandi.

Ayni vaqtda Trampda 1048 delegat bor, oxirgi bosqichga o‘tish uchun 1237 delegat ovozi kerak bo‘ladi. Uning raqiblari Kruz va Keysik praymerizlarda 566 hamda 153tadan delegat yiqqandi.

Endilikda, qolgan praymerizlarda Donald Tramp o‘ziga kerakli ovozlarni yig‘ib, iyul oyidagi s'yezdda saylovning ikkinchi bosqichida o‘z nomzodini rasman prezidentlik uchun ilgari surishi mumkin.

Trampning ikkinchi bosqichdagi raqibi demokrat Hillari Klinton bo‘lishi kutilmoqda. AQSh Sobiq davlat kotibi o‘z partiyadoshi Berni Sandersni ortda qoldirmoqda (2220ga qarshi 1449 delegat).

Ko‘proq yangiliklar: