Muz o‘rniga qahvani afzal ko‘radigan amerikaliklar Starbucks ustidan sudga arz qilishdi

Jahon 08:44 / 03.05.2016 2813

Starbucks qahvaxonalari mijozlari AQSh sudiga kompaniya ustidan jamoaviy arznoma topshirishdi. Ular bu arznomada kompaniyani iste'molchilarni aldashda ayblashdi. Arzchilarning fikricha, Starbucks’ning yaxna ichimliklarida e'lon qilingan suyuqlik hajmining faqatgina yarmi bo‘lib, qolgan qismi muz bilan to‘ldirilgan. Bu haqda 2 mayda CBC News telekanali ma'lum qildi. 

Bosh arzchi Steysi Pinkusning fikricha, venti hajmidagi (0,7 litr) muzli qahva sotib olinganda mijoz faqatgina 0,4 foiz ichimlik oladi. 

Bundan tashqari, kompaniyaning yaxna ichimliklari kamroq suyuqlikka ega bo‘lganiga qaramasdan, issiq ichimliklaridan qimmat turadi. Arzchilarning fikricha, "Starbucks mijozlarini ularga ichimlik hajmini emas, balki stakan o‘lchamini sotib aldamoqda". 

Pinkus arznomaga oxirgi 10 yil davomida Starbucks yaxna ichimliklarini xarid qilib yurgan iloji boricha ko‘proq arzchilarni jalb qilmoqchi. Ayol tarmoqni sotuvchi kafolatini buzganlik, chalg‘itish va  asossiz boyishda ayblamoqda. Arzchilar talab qilayotgan moddiy talablar haqida hech narsa ma'lum qilinmagan.

Starbucks matbuot kotibi Jeymi Rayli tarmoq arzni asossiz deb hisoblashini aytdi. "Bizning mijozlar muz istalgan yaxna ichimlikning muhim qismi hisoblanishini biladilar. Agar mijoz ichimlik qanday tayyorlanganidan norozi bo‘lsa, biz uni bajonidil o‘zgartirib beramiz", deb aytdi Rayli.

Starbucks dunyodagi eng yirik qahvaxonalar kompaniyasi bo‘lib, 2016 yil mart oyi holatiga ko‘ra, tarmoqqa butun dunyo bo‘ylab 23 mingdan ko‘proq qahvaxona kirgan. Kompaniya, shuningdek qahva donlarini qovurish va sotish bilan ham shug‘ullanadi.

Ko‘proq yangiliklar: