Bangladesh Interpoldan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani hibsga olishda yordam so‘radi

Jahon 23:40 / 12.11.2024 3409

Bangladesh maxsus tribunali Interpol xalqaro politsiyasiga murojaat qilib, hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani hibsga olish bo‘yicha «qizil bildirish» chiqarishni so‘radi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

5 avgust kuni Hasina yaqin yordamchisi va sobiq vazirlari bilan Hindistonga qochib ketgandi.

Oktyabr o‘rtalarida Bangladesh xalqaro jinoiy tribunali mamlakat sobiq bosh vaziri Shayx Hasinani hibsga olishga order bergandi. Bangladeshni 20 yildan ortiq boshqargan sobiq bosh vazir yuzlab odamlar halok bo‘lgan namoyishlar chog‘ida «insoniyatga qarshi jinoyatlar»ga aloqadorlikda ayblanib, tribunal tomonidan qidirilmoqda.

Bangladeshda ommaviy namoyishlar

Iyul oyida Bangladeshni ommaviy namoyishlar qamrab olgandi: talabalar davlat sektoridagi ish o‘rinlarining uchdan bir qismi 1971 yildan Pokistondan mustaqillikka erishish uchun bo‘lgan urush faxriylarining qarindoshlari uchun zaxira qilinishini ko‘zda tutuvchi kvotalar tizimini o‘zgartirishni talab qilib ko‘chalarga chiqqan.

2018 yilda bosh vazir Shayx Hasina hukumati tomonidan bekor qilingan kvotalar tizimi iyun oyida quyi instansiya sudi tomonidan yana tiklangan va bu jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Talabalar bu tartibni diskriminatsiya deb atagan va ishga qabul har bir alohida nomzodning malakasiga asoslanishini talab qilgan.

Avvaliga faqat talabalar ishtirok etgan namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyilib ketdi. Bangladesh Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, norozilik namoyishlarida 1000 dan ortiq inson halok bo‘lgan.

77 yoshli Hasina qochib ketganidan beri ommaga ko‘rinish bermadi. Uni oxirgi marotaba Hindiston poytaxti yaqinidagi aviabazada ko‘rishgan — sobiq bosh vazir u yerda vertolyotda yetib borgan. Hasina avvaliga tez orada Hindistonni tark etishi kutilgandi, ammo u mamlakatdan boshpana olishga muvaffaq bo‘lgan.

Hasina qochib ketgach iqtisodchi Muhammad Yunus Parijdan qaytib kelib, Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari sifatida qasamyod qildi. 2006 yilda u kambag‘allarga mikrokredit berish sohasidagi izlanishlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: