O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan iste'foga chiqarilganidan buyon ishsiz yurgan Mirjalol Qosimov yaqin orada Qozog‘iston klublarining birini boshqarishi mumkin. Bu haqda Sports.kz xabar tarqatgan.
Manbada 45 yoshli murabbiyga aynan qaysi jamoa qiziqish bildirayotgani haqida aniq ma'lumot berilmagan.
Lekin taxminlarga ko‘ra bu «Tobol» klubi bo‘lishi mumkin. Bu jamoaning bosh murabbiyi Dmitriy Ogay biroz avvalroq iste'foga chiqarilgan edi.
Mirjalol Qosimov o‘zining murabbiylik faoliyatini 2006 yilda boshlagan. U O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari hamda «Bunyodkor» klubini boshqargan.
U «Bunyodkor» bosh murabbiyi sifatida 3 marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, ikki marta O‘zbekiston kubogi g‘olibligiga erishgan hamda jamoa bilan OChLda ikki marta yarim finalga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Qayd etish kerak, 2006 yil Mirjalol Qosimov olimpiya terma jamoasida Vadim Abramovga yordam bergan. U JCh—2018 2-saralash bosqichi doirasidagi KXDRga qarshi safar bellashuvidan so‘ng iste'foga chiqqandi.