Germaniya Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini Yagona Yevropa armiyasini tashkil etish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishga chaqirish niyatida, deb yozmoqda Britaniyaning Financial Times nashri.
Gazetaning ma'lumotlariga ko‘ra, Germaniya rahbariyati ushbu masala yuzasidan rasmiy taklifni iyul oyidayoq bildiradi. Unda qurolli kuchlar harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida Yevropa Bosh shtabi, YeI mudofaa vazirlari kengashini tashkil etish hamda harbiy texnikalarni hamkorlikda ishlab chiqish va ulardan birgalikda foydalanishga oid rejalari aks etadi.
Bundan tashqari rasmiy Berlin kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirish taklifini ham ilgari suradi.
Yevropaning aksar mamlakatlari qurolli kuchlarining birlashuviga salbiy yondoshib, uni NATOning bir ko‘rinishi sifatida baholashadi. Biroq Germaniya YeIni o‘z tashabbusining ahamiyatli ekaniga ishontira olsa, bu tashkilotning harbiy salohiyatini kuchaytirishda muhim qadam bo‘ladi, deb xulosa qiladi FT.
So‘nggi vaqtlarda Yevropa mintaqasida mudofaa xarajatlari oshgani xususida avval xabar qilingan edi.