Tahlilchilarning fikricha, 2050 yilga borib yer yuzi aholisining 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Bu, o‘z navbatida, megapolislarda bir qator muammolarni yaratadi. Ya'ni aholi zich yashay boshlaydi, ko‘chalarda yurish murakkablashadi, resurslardan samarali foydalanishning imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli ham bir qator mamlakatlarda zamonaviy shahar infratuzilmalarini yaratish loyihalari ustida ish olib borilmoqda. So‘nggi vaqtlarda tilimizga «Aqlli shahar» atamasi kirib keldi. 20 asrda paydo bo‘lgan bu ibora 21 asrda hayotga keng tatbiq etilmoqda. Yer yuzida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta'minlagan shaharlar paydo bo‘lmoqda. Bu loyiha Smart City (Aqlli shahar) deb nomlanmoqda. Ayni damda aqlli shaharlar soni 400dan oshib ketdi.
Smart Cities — bu shaharsozlikning yangi ko‘rinishidir. Aqlli shahar ma'nosini beruvchi Smart Cities kelajakda ekologik toza va iqtisodiy taraqqiy etgan, shu bilan birga, aholi bandligi ta'minlangan makonni anglatadi.
Smart Cities nima uchun kerak? Bu savolga urbanizatsiya, iqtisodiy taraqqiyot va ekologik taxdidlar omil bo‘lgani bilan javob qaytarish mumkin. Shahar aholisining ko‘payib borayotgani shaharlarda ekologik toza texnologiyalardan oqilona foydalanishni taqozo qilmoqda. Ma'lumki, mamlakatlar yalpi ichki maxsulotining katta qismi shaharlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025 yilga borib jahondagi 600 ta yirik shahar jahon yalpi ichki mahsulotining 60 foizini beradi. Shu shaharlarning 30tasi esa 2010 yildan 2020 yilgacha yalpi ishlab chiqarishni 20 foizga oshiradi. Urbanizatsiya jarayonlarining ortib borayotgani esa shahar eklogiyasiga bosim o‘tkazmoqda. Havoga chiqarilayotgan uglekisli gazlarning 70 foizi shahar xissasiga to‘g‘ri kelishi aytiladi. Bu jahonda ishlab chiqariladigan energiyaning 80 foizi shaharlarda iste'mol qilinishini anglatadi.
Tahlilchilarning fikricha, “Aqlli shahar”da oqilona boshqaruv va oqilona xayot ta'minlanishi kerak. Ya'ni iqtisod ham, aholining safarbarligi ham, turmush tarzi xam aqlli bo‘lishi kerak. Bu kabi talablar hozircha ozgina shaharlarga joriy etilmoqda.
Aqlli shahar deganda ko‘pchilikning xayoliga birinchi galda Yevropa va Shimoliy Amerika kelishi aniq. Haqiqatan ham hozircha shunday. Aqlli shaharlar ro‘yxatiga Vena, Barselona, Amsterdam, Nyu-York kiritilgan. Osiyo mamlakatlari ham chetda turgani yo‘q. Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay, Xitoyning Shanxay va Gonkong, Janubiy Koreyaning Seul, Singapur poytaxti, Avstraliyaning Ballarat shaharlarini ham «Aqlli shahar»lar ro‘yxatiga kiritish mumkin. Aqlli shaharlar ro‘yxatini tuzishda yagona talab yo‘q. Har bir shahar o‘zicha aqlli shahar sifatida ko‘riladi.
Misol tariqasida, Avstriya poytaxi Venani olib ko‘radigan bo‘lsak, bu shaharda ko‘plab muammolar bartaraf etilgan. Bosh loyihaga ko‘ra bu shaharda jamoat transporti juda ham taraqqiy etgan. Vena turar-joy binolarning samara berayotganidan faxrlansa arziydi. Bu yerda binolar energiya ishlatishdan ko‘ra ishlab chiqarishi bilan ajralib turadi. 2020 yilga borib Venada 300 ming kvadrat metr quyosh kollektorlari o‘rnatiladi. Shuningdek, shahar atrofida aqlli yo‘ldosh shaharchalar qurilishi rejalashtirilgan. Aspern deb nomlanuvi mazkur hududda shaharsozlikning eng zamonaviy ko‘rinishlari o‘z aksini topadi. Bu yerda kommunikatsiya tizimida deyarli muammolar bo‘lmaydi. Shahardagi muammolarni uydan tashqariga chiqmay turib hal qilish imkoniyatlari yaratiladi. Bu shaharda navbatda turish nima ekani bilinmaydi. Dam olish imkoniyatlari esa yanada kengayadi.
Aqlli shahar deganda «bilimlar shahrini», «raqamlar shahrini», kibernetika shahrini, ekologik shaharni tushunish kerak. Aqlli shaharning oddiy shaharlardan farqi fuqorolarning o‘zaro muloqotida ham bilinadi. Oddiy shaharlarda Axborot kommunikatsiya texnologiyalari aqlli shahardagidek odamlar hayotiga kirib bormagan. Bir so‘z bilan aytganda aqlli shaharlar inson farovonligiga yo‘naltiriladi.
Aqlli shaharda ishsizlik bo‘lmaydi. Sotsiolog va iqtisodchilar ishlab chiqarish avtomatlashgani bois ish o‘rinlari qisqarishidan xavotirga tushmoqda. Biroq hi-tech soxasida ishlovchi mutaxassislarga talab ortishidan xam aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bundan tashqari ijtimoiy soxalarda, sog‘liqni saqlash tizimida, ta'lim va xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida ishlaydiganlarga xam talab kamaymasligini yoddan chiqarish kerak emas.
Sharofiddin To‘laganov.