Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi

Jahon 21:03 / 12.11.2024 3221

LDPR fraksiyasi Rossiya hukumatiga migrantlarga uy-joyni faqat shartnoma asosida ijaraga berishni va uning maksimal muddatini bir yil qilib belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihalari paketini yubordi. Bu haqda partiya yetakchisi Leonid Slutskiy ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Moskvada arzon segmentdagi uy-joylarning 85 foizida migrantlar istiqomat qiladi.

«Rezina» kvartira tashkil qilgan ijarachini ham, migrantlarni ham jazolash kerak. Uy-joyni ko‘plab qarindoshlar, do‘stlar va vatandoshlarga qayta ijaraga berishni taqiqlash lozim. Qonunni buzsa – jarima!», deb yozdi u.

Slutskiy so‘zlariga ko‘ra, LDPR qabulxonasiga chet-ellik ijarachilarning xatti-harakatlari ustidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda. Uning fikricha, axloq qoidalariga rioya qilmaydigan xorijlik ijarachilarning yonida yashash rossiyaliklar uchun muammo tug‘diryapti.

«Odamlar farzandlari uchun ham, o‘zi uchun ham qo‘rqmoqda. Bunday kvartiralarning egalarini topish juda qiyin, politsiya chaqirish esa migrantlarning tajovuzkorligini yanada kuchaytiradi», deb yozdi deputat.

Rossiyada migratsiya siyosatining keskinlashuvi «Krokus Siti Xoll»da sodir etilgan teraktdan so‘ng boshlandi. Jinoyatchilar Tojikistonning to‘rt nafar fuqarosi ekani aytilmoqda. Avgust oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborishning huquqiy rejimini o‘rnatish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. U 2025 yil fevralidan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: