Fransiyadagi yirik ommaviy axborot vositalari X ijtimoiy tarmog‘ini sudga berdi

Jahon 21:00 / 12.11.2024 1135

Fransiyaning yirik nashrlari, jumladan, Le Figaro, Le Monde, Le Parisen va Le Echos gazetalari X ijtimoiy tarmog‘i ustidan sudga shikoyat arizasini kiritdi, deb xabar beradi The Guardian.

Qayd etilishicha, 2024 yil may oyida Fransiya sudi ushbu nashrlarning Amerika ijtimoiy tarmog‘iga qarshi da’vosi bo‘yicha ijobiy qaror chiqarib, X’ga foydalanilgan yangiliklar materiallari uchun gonorarlar to‘lash vazifasini yuklagan.

Sud qaroriga ko‘ra, X ikki oy ichida OAVga ularning materiallari foydalanilgan postlar qancha ko‘rilgani va ulashilganiga oid ma’lumotlarni taqdim etishi kerak edi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq postlarni taqdim etish algoritmlarining ishlash usulini oshkor etishi lozim bo‘lgan. Ushbu ma’lumotlar 2019 yilda Fransiyada raqamli platformalarga nisbatan ham kuchga kirgan turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun doirasida potensial gonorarlarni «shaffof baholash» uchun zarur hisoblanadi.

Ammo shikoyat mualliflarining ta’kidlashicha, X ijtimoiy tarmog‘i hozirga qadar sud talablarini bajarmagan. Shuningdek, OAV vakillari X ofisini hamkorlikdan bosh tortishda ayblamoqda.

Fransiya ommaviy axborot vositalari 2021 yilda Google kompaniyasiga nisbatan ham shu kabi da’voni ilgari surgan va u qanoatlantirilgan edi. Shundan keyin qidiruv platformasiga fransuz OAV bilan gonorarlar to‘g‘risidagi muzokaralarda kelishilgan ayrim majburiyatlarini bajarmagani uchun antimonopoliya regulyatori tomonidan 500 ming yevro miqdorida jarima ham belgilangandi. 2024 yilda Fransiya Antimonopoliya xizmati Googleʼni xuddi shunday ayblov bilan yana 250 ming yevro jarimaga tortdi.

Ko‘proq yangiliklar: