AQSh tomonidan tasdiqlanishicha, 28 aprel kuni Suriya shimolidagi Halab shahridagi gospitalga yo‘llangan havo zarbalari Suriya harbiy havo kuchlari samolyotlari tomonidan amalga oshirilgan. Bu haqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati boshlig‘i Jon Kirbi ma'lum qilgan.
Uning bildirishicha, 1 kun davomida yo‘llangan shaharga havo zarbalari tufayli 60dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Shulardan 27 nafari «Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi ko‘magida faoliyat olib boradigan kasalxonada nobud bo‘lgan.
Uning qayd etishicha, AQSh bunday harakatni «tinchlik sulhining ochiqchasiga buzilishi» deb biladi.
«Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi» deya qayd etgan Kirbi.
Oq uy matbuot xizmati rahbari Joshua Ernest ham Halabdagi voqeani Suriya hukumati tomonidan tinchlik sulhining buzilishi sifatida baholagan.
«Bu havo zarbalari harbiy harakatlarning davom etayotganini ko‘rsatdi. Biz Suriya prezidenti Bashar Asad va uni qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlarning tinchlikka qarshi harakatlari bilan to‘qnashmoqdamiz», deydi u.
U Rossiya tomoni Suriya hukumatiga ta'sir o‘tkazishi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi va Asad rejimini harbiy harakatlarni to‘xtatishga undashi kerak.
«Rossiya kelishilganidek Asad rejimini tinchlik sulhiga amal qilishga chaqirishi va o‘z ta'siridan foydalanishi kerak. Rossiya bu borada yuquqlarga erisha oladi», degan Ernest.