Ellik yoshni qoralagan Qurbonboy Madaliyev Qo‘shtepa tumanida joylashgan “Farg‘ona parranda naslchilik” fermasida ishlaydi. 1993 yili ferma balansidagi uchta uy ishchilarga xususiylashtirib beriladi. Q.Madaliyev “Vodiygazta'minot” UKning Marg‘ilon shahar filialida ishlamasa-da, ushbu xonadonlardan foydalanilgan gaz uchun to‘lovlarni yig‘ib ola boshlaydi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
— Xonadonimizga tabiiy gaz tovuq fermaning quvuriga ulangan, — dedi sud majlisida jabrlanuvchi M.Xalilova. – Hisoblagich o‘rnatilmagan. 2008 yilgacha gaz haqini Marg‘ilon shahar gaz idorasiga to‘lab kelganmiz. 2009 yil yoz oylarida parranda fermasida ko‘p yillar ishlayotgan Qurbonboy Madaliyev gaz uchun menga to‘lashlaring kerak, deb ishontirdi. Oyma–oy gaz pulini unga berib keldik. Lekin biron marta kvitansiya yozib bermagan.
Q.Madaliyev ushbu xonadonlardan 2009 yil yoz oylari uchun 20 ming so‘mdan, qish oylariga 50 ming so‘mdan yig‘ib olavergan. Yildan-yilga o‘zi bilganicha to‘lovlar summasini oshirib borgan. 2012 yil yanvar–fevral oylarida 100 ming so‘mdan, aprel–iyul yillarida 50 ming so‘mdan pullarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan.
2012 yil yozda Q.Madaliyev “Vodiygazta'minot” UKning Marg‘ilon shahar filialiga nazoratchi bo‘lib ishga joylashadi. Oradan ko‘p o‘tmay favqulodda nazorat xizmati bo‘limi katta nazoratchisi vazifasiga tayinlanadi.
M.Xalilova, G.Musharipova, O.Madrahimovalarning xonadonlari tabiiy gaz tarmog‘iga ulanganini yashiradi, ulardan yig‘ib olgan pullarni hisobotlarga kiritmaydi. 2012 yilning avgust oyidan 2014 yil dekabr oyigacha oyma-oy ortib boruvchi miqdorda, kvitansiya bermay olib turgan to‘lov pullarini shaxsiy ehtiyojiga sarflayveradi.
Sudlanuvchi yuqoridagiday yo‘sinda 2009 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan davrda xonadonlardan yig‘ib olgan jami 15 mln. 570 ming so‘m pullarni o‘zlashtirgan. Q.Madaliyev “Farg‘ona naslli parranda” MChJ hududida o‘tkazilgan tarmoqqa ulangan xonadonlarning hech qanday hujjatlarsiz, gaz hisoblagich o‘rnatmasdan foydalanib kelgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarini o‘zlashtirib, Marg‘ilon shahar filialiga 19 mln. 631 ming so‘mlik zarar yetkazganligi fosh etildi.
Sud yetkazilgan zararni qoplagan Q.Madaliyevga ikki yil mobaynida tabiiy gaz ta'minoti idoralarida ishlash huquqidan mahrum etgan holda axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.