Shoygu Bashar Asad hokimiyatdan ketganda ham Suriyada tinchlik o‘rnatilishiga shubha bildirmoqda

Jahon 14:52 / 27.04.2016 956

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha V Moskva konferensiyasida qilgan chiqishida, Suriya prezidenti Bashar Asad hokimiyatdan chetlatilgan taqdirda ham mamlakatdagi qon to‘kilishlarga barham berilmaydi, degan fikrni bildirdi.

«G‘arb hamkasblarimizning: "Bashar Asad ketsa, Suriyadagi qon to‘kishlar o‘z-o‘zidan barham topadi, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya esa Rossiyani qo‘llab-quvvatlaydi", degan fikrlarini ko‘p eshitamiz», — degan Rossiya mudofaa vaziri.

Ammo, uning aytishicha, bu kabi «yaxshi niyatlar»ga negadir ishonish qiyin.

«Haqli savol tug‘iladi: Iroqda Saddam Husayn, Liviyada Muammar Qozzofiy boshqaruviga barham berilganidan so‘ng, kim u yerlarda tinchlik o‘rnatish va tartibni ta'minlashga xalaqit qildi?» — deb qayd etgan Rossiya mudofaa ma'muriyati rahbari.

Bundan avval, OAVda Eron rahbariyati Bashar Asad va uning oilasiga boshpana berishga tayyorligi xususida xabarlar paydo bo‘lgandi. Rasmiy Tehron Asadga u yerdan Suriyadagi harbiy kampaniyasini boshqarish uchun imkoniyat yaratilishiga va'da bergan.

Ko‘proq yangiliklar: