“Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ-338-son, 24.09.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024–2030 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur tasdiqlandi.
Dasturga asosan, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish orqali, 2028 yilgacha kuchli chang bo‘ronlari hosil bo‘lish sur’atlarini hozirgi holatiga nisbatan 50 foizga qisqartirish maqsad qilingan.
2025 yil 1 yanvardan Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni o‘rnatish ishlari boshlanadi.
2026 yil 1 yanvardan Toshkentda o‘rnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.
2030 yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi.
Toshkent shahriga tutash tumanlardagi 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan ko‘mir yoqilg‘isining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi hamda bunday uskunalarni o‘rnatish uchun issiqxona xo‘jaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi.
2025–2030 yillarda Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbog‘” va “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.
2028 yildan “Yevro–4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilgan holda Yashil Markaziy Osiyo fondi va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini tashkil etishning konseptual asoslari ishlab chiqiladi.