AQShda o‘n ikki yashar qizcha yo‘ldan adashib ketib, Rochester shahrida o‘tkazilayotgan yarim marafonga tushib qoldi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.
Li Adianes Rodriges 5 km. masofada o‘tkazilgan shahar musobaqasida qatnashishni niyat qildi. Qizcha musobaqa boshlanishiga kech qoldim, deb o‘yladi va startda jam bo‘lib turgan odamlar bilan yugurib ketdi.
Rodriges yarim yo‘lda tushunib yetdiki, bu u qatnashmoqchi bo‘lgan marafon emas ekan. Qizcha yarim marafonni 2 soatu 43 daqiqada yakunladi va o‘ylaganidan 16 kilometr ko‘p yugurdi.
Qizning onasi uni 5 km. li marafon finishida ko‘rmagach, tashvishga tushdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, ona va qizcha ko‘rishishdi.