O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25 aprel kuni rasmiy tashrif bilan Moskvaga keldi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan “Vnukovo-2” aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Tantanali kutib olish marosimidan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
Shu kuni Islom Karimov bilan Vladimir Putinning norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tashrifning asosiy voqealari 26 aprelga belgilangan.
Ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston – Rossiya hamkorligi rivojining dolzarb masalalarini muhokama qiladilar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ayrim muammolar yuzasidan fikr almashadilar.
Avval xabar qilinganidek, muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston bilan Rossiyaning turli sohalardagi o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan.