O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Oliy toifali diktor Muslimbek Yo‘ldoshev bugun, 24 aprel sanasi kuni tavallud topgan marhum do‘sti Abdumo‘min O‘tbosarovni yodga oldi...
Muslimbek Yo‘ldoshev 1960 yilda tug‘ilgan hamkasbi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdumo‘min O‘tbosarovni xotirlab, u bilan birgalikda tushgan esdalik suratini o‘z “feysbuk”dagi sahifasida joylashtirdi. Surat ostiga esa:
— 24 aprel Abdumo‘minning tug‘ilgan kuni edi. Do‘stim hayot bo‘lganida, biz albatta Chorvoqda bo‘lar edik. Tug‘ilgan kunini u o‘sha yerda, tog‘lar qo‘ynida, dala hovlisida nishonlardi. Yo quyosh charaqlagan va yo yomg‘ir shivirlagan bo‘lishidan qat'i nazar, biz an'anaga sodiq qolishga harakat qilar edik. Har qanday ish — buyurtma chippakka chiqar, bizlarni hech narsa do‘stlar diydorini keyinga surishga majbur qilolmasdi... Nadomatlar bo‘lsinkim, bu gal uning tug‘ilgan kunini do‘stimsiz o‘tkazamiz...Lekin, albatta, nishonlaymiz — deya dil so‘zlarini qayd etdi.
Shu bilan birgalikda Muslimbek Yo‘ldoshev hamkasbi uchun to‘rtliklar bitishni ham unutmadi. Ushbu to‘rtlikni o‘z holicha e'tiboringizga havola etmoqdamiz.
Onamga kuydim - bu qadimiy meros,
Otamni ko‘rmadim, chidadim, Olloh!
Jigarlarim olding - sabrim beqiyos,
Do‘stimni oluvding, qildim tavallo:
***
Ollohim, umrimni uzoq qil endi,
Jiiim yuray, dilimda tilovat, takbir.
Do‘stim orzularin qilgin shohidi,
Ikki do‘st umrini qil menga taqdir.
***
Aytmagan so‘zlarin olayin aytib,
Tugatay bitmagan bo‘lsa ishlari.
Marhamat sendadir, sendadir tartib,
Doim bo‘lib kelgan Rab xohishlari.
***
Ollohim, umrimga bergin barokat,
Yuborma farishtang, qazoyim tezlab.
Do‘st uchun yashay men, saqlab sadoqat,
Tug‘ilgan kunida o‘lganin eslab...