Havo ifloslanishi uzoq davom etsa, bolalar va kattalarda astmaga chalinish xavfi ortadi - tadqiqot

Fan-texnika 18:29 / 12.11.2024 1190

Xitoy Fanlar akademiyasi va Vashington universiteti olimlari PM2,5 zarrachalarining uzoq muddatli ta’siri bolalar va kattalarda astma rivojlanishga qanday hissa qo‘shishini baholadi. Tadqiqot natijalari One Earth jurnalida chop etildi.

Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, PM2,5 konsentratsiyasining har 10 mkg/m³ ga oshishi bolalarda barcha turdagi astma rivojlanish xavfini 21,4 foizga, katta yoshli odamlarda 7,1 foizga oshiradi. PM2,5 ta’siriga uchragan yoshlarda astma xavfi yuqoriroq bo‘lgan, katta yoshlilarda esa chang zarrachalari ko‘proq umumiy salomatlikka xavf solgan.

Bundan tashqari, olimlar 2019 yilda butun dunyo bo‘ylab PM2,5 zarrachalarining uzoq muddatli ta’siri astma oqibatida yuzaga kelgan qo‘shimcha 0,12 millionta o‘limga sabab bo‘lganini aniqladi. 2019 yilning o‘zida 11,4 millionta odam PM2,5 ta’sirida astmaga chalingan.

Tahlilda 1027 ta qayd ma’lumotlar o‘rganib chiqildi — ular 22 mamlakatning 25 milliondan ortiq aholisi ishtirok etgan tadqiqotlarda yozib olingandi. PM2,5 ning astma xavfiga ta’sirini baholash maqsadida “ta’sir-javob” tahlili o‘tkazildi.

Mualliflarning xulosasiga ko‘ra, PM2,5 ning uzoq muddatli ta’siri bolalar va kattalarda astma rivojlanish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Shu sababli, havoning ifloslanishiga qarshi yanada samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish nihoyatda muhim.

Ma’lumot uchun, noyabr oyi boshida Xalqaro IQAir ko‘rsatkichlari Toshkent shahrida havo sifati o‘ta yomon bo‘lganini qayd etdi. Shahar havosida zaharli zarrachalar miqdori 780 mkg/m3 darajagacha oshgan.

Ko‘proq yangiliklar: