Nodir necha yillardan beri bir qizni yaxshi ko‘rardi. Ammo unga yetisholmadi. Sevgan qizi unashtirilgach, halovati yo‘qoldi. Qanday qilib bo‘lmasin to‘yni to‘xtatishga “bel bog‘ladi”. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.
Ertaga to‘y degan kuni u kuyovni o‘g‘irlab ketishga qaror qildi. Biroq o‘z rejasini bir o‘zi amalga oshirishga ko‘zi yetmadi. O‘ylab ko‘rib akasining o‘g‘li Habibulla va xolavachchasi Abbosga rejasini aytdi. Reja bo‘yicha kuyov bolaning uyi yaqinidagi burilishda Abbos va Habibulla Nodirni poylab turadigan bo‘lishdi. Kuyovto‘ra Bekmurod ko‘chaga chiqdi. Uni kutib o‘tirgan Nodir to‘y bilan tabriklash bahonasida kuyovni mashinasiga o‘tqazadi va uni ko‘cha burilishida poylab turgan sheriklari yonida to‘xtatdi. Zudlik bilan o‘zlarini ichkariga urgan ikkovlon Bekmurodning ikki yonidan o‘tirib, uning qo‘llarini mahkam ushlashdi.
Bekmurod qancha qarshilik qilmasin, yigitlarga kuchi yetmadi. Nodir unga mashinasidan pichoqni olib dag‘-dag‘a qildi. Pichoqni ko‘rib, Bekmurodning hushi uchdi, qarshilik ham qilmadi.
Kuyov hadeb kelavermagach, uning ota-onasi tezda tuman IIBga borib, voqea yuzasidan murojaat qilishdi. Tezkor xodimlar zudlik bilan ishga kirishdi. So‘rab-surishtirish boshlandi. Kuyov o‘g‘rilarining kimligi, ayni damda qayerda ekanligi ma'lum bo‘ldi.
Nodirning kuyovni o‘g‘irlab to‘yni to‘xtatish rejasi amalga oshmadi. Ular shahardan to‘g‘ri tuman IIBga kelishga majbur bo‘ldi.
Sud hukmi bilan Nodir Abduhamidovga 3 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Habibulla Abduhamidov va Abbos Ibragimov esa 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.