Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2015 yilda deyarli 9 mln rubl (8,891 mln rubl) daromad qilgan. Bu haqda Kreml saytiga joylashtirilgan deklaratsiyada ma'lumot keltirilgan.
2014 yilda Rossiya prezidentining yillik daromadi (kirim) 7,654 mln rublni tashkil qilgandi (2013 yilgi 3,6 mln rubllik ko‘rsatkichga nisbatan 2 barobar o‘sish. 2012 yilda esa davlat rahbari daromadi 5,79 mln rubl bo‘lgandi).
Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma'lum qilishicha, bu prezidentning maoshi ko‘tarilgani bilan bog‘liq.
Qayd etish kerakki, Putin 2015 yilda o‘z maoshining 10 foizga qisqartirish haqida qaror qabul qilgandi.
Daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga ko‘ra, prezidentning xususiy mulki sifatida yer uchastkasi, 2ta kvartira, garaj mavjud. Shuningdek, harakatlanuvchi mulk hisoblanadigan GAZ M-21, GAZ M-21-R, «Niva» avtomobillari qayd etilgan. Yer maydoni hajmi 15 sotix, kvartira 77 kv. m, garaj esa 18 kv. m hududni egallaydi. Prezident istiqomat qiladigan uy maydoni esa 153 kv. m hududda joylashgan, foydalanishdagi garaj maydoni 18 kv. m.
O‘z navbatida, Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev 2015 yilda 8,8 mln rubl daromad ko‘rgan. 2014 yilda uning daromadlari 2013 yilgiga nisbatan deyarli 2 barobar o‘sgandi - 4,2 mln rubldan 8 mln rublgacha.
Daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga ko‘ra, bosh vazir 49 yil muddatga 47 sotixli yer uchastkasini ijaraga olgan. Unda shuningdek, 367,8 kv. m maydonni egallaydigan shaxsiy kvartira hamda GAZ-20 va GAZ-21 rusumli avtomobillar bor.
Medvedevning rafiqasi o‘tgan yilda hech qanday miqdordagi mablag‘ ishlab topmagan. Lekin uning nomida Volkswagen Golf hamda 2ta mahalliy mashina mavjud.