Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Zamonaviy tilshunoslik va tarjimashunoslikning dolzarb muammolari” mavzuiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zMU Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, mazkur anjumanda respublikamiz oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tilshunos olimlar, tarjimashunoslar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar.
Anjumanni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zMU O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Fayzulla Agzamov mamlakatimizda chet tillarini o‘rganishga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotgani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash g‘oyat muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladi.
Aytish joizki, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunini hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish doirasida chet tillarga o‘qitishning kompleks tizimi, ya'ni uyg‘un kamol topgan, o‘qimishli, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni shakllantirishga, respublikaning jahon hamjamiyatiga yanada integratsiyalashuviga yo‘naltirilgan tizim yaratildi. Ayni paytda chet tillarni o‘rganishni tashkil qilishning amaldagi tizimini tahlil etish shuni ko‘rsatmoqdaki, ta'lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg‘or axborot va media-texnologiyalardan foydalanishni takomillashtirish borasida qator vazifalar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu yil O‘zMU tashkil etilgan “Til markazi” ham ta'lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o‘rganishni tashkil qilish, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta'minlash, talaba-yoshlarning ingliz va boshqa tillarni, xorijlik yoshlar o‘zbek tilini mukammal o‘rganishlariga xizmat qiladi.
Ilmiy-amaliy anjumanda O‘zMU Xorijiy filologiya fakulteti Ingliz filologiyasi kafedrasi professori O‘tkir Yusupov, Samarqand davlat universiteti professori Shahriyor Safarov, Urganch davlat universiteti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Rebekka Mirtin, Jizzax davlat universiteti professori Muhammadjon Xolbekov, Kamoliddin Behzod nomidagi Rassomchilik va dizayn instituti dotsenti Laylo Raupovalarning zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash, ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishga oid ma'ruzalari tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Anjumanda talabalar bu mavzuda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.