General Motors konserni milliondan ko‘proq Chevrolet Silverado va GMC Sierra 1500 pikaplarini qaytarib oladi. Ulardan 895,2 mingtasi AQShga, qolganlari Meksika, Kanada, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqning ba'zi davlatlariga ta'mirlashga jo‘natiladi. Bu avtomobillarning barchasi, dilerlar omborida bo‘lgan 3 mingtasidan tashqari, sotib bo‘lingan.
Qaytarib olinayotgan avtomobillarda xavfsizlik kamari mahkamlagichida nuqson aniqlangan, u servis markazida bepul almashtiriladi. Bundan tashqari, xavfsizlik kamari tortgichlari ham tekshiriladi. Ular ham zarurat bo‘lsa, almashtiriladi. Kompaniyada bu nuqson birorta yo‘l-transport hodisasi yoki jarohatlarga sabab bo‘lmagani ma'lum qilindi.
Kompaniya shunday muammo sababli avval ham avtomobillarni chaqirtirgandi. 2015 yilda 2011-2012 model yillaridagi Chevrolet Malibu, 2014 yilda 1,3 mln dona Buick Enclave, Chevrolet Traverse va GMC Acadia krossoverlari uchun servis aksiyasi boshlanishi e'lon qilingandi.