AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Namanganga tashrif buyurdi. Viloyat hokimligida viloyat hokimi X.Bozorov Pamela Spratlen xonim bilan o‘zaro muloqot olib bordi. Bu haqda Namangan viloyat hokimligining axborot xizmati xabar bergan.
Suhbat avvalida viloyat rahbari Namanganning boy tarixi va bugungi taraqqiyot yo‘li, iqtisodiy salohiyati, madaniy obidalari hamda aholi farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan sa'y-harakatlar, yoshlarga berilayotgan e'tibor to‘g‘risida gapirib berdi.
Spratlen xonim O‘zbekistonda, xususan Namangandagi bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari tahsinga sazovorligini ta'kidlab, yosh avlodning ta'lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e'tiborni alohida e'tirof etdi.
Muloqot so‘ngida X.Bozorov mehmonga esdalik sovg‘alari topshirdi.
Shuningdek, tashrif doirasida martabali mehmon viloyatning diqqatga sazovor joylari, Namangan shahridagi «Do‘stlik» akademik litseyida «Access» loyihasi bo‘yicha ingliz tilini o‘rganish kursida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi va Chust shahridagi «Mavlono Lutfullo Chustiy» nomli madaniyat va istirohat bog‘ida milliy xunarmandchilik (pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, milliy liboslar va hokazo) ko‘rgazmalari, dorbozlik o‘yinlari namoyishi bilan yaqindan tanishdi.