Kanadada yangi qonun loyihasiga ko‘ra faqatgina kanadaliklar va mamlakatda doimiy yashovchilarga evtanaziyani (bemor yoki uning yaqinlari roziligi bilan bemorni og‘riqlardan xalos etish uchun uni jonsizlantirish) qo‘llashga ruxsat beriladi. Bu haqda Kanada hukumatidagi anonim xodimga iqtibos keltirgan holda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.
Agentlikning ta'kidlashicha, shu tariqa amerikaliklar Kanadaga bu maqsadda kela olmaydilar. Manbaning aytishicha, qonunning yangi varianti 14 aprelda rasman taqdim qilinishi kerak edi.
Manbaning ta'kidlashicha, evtanaziya o‘tkazmoqchi bo‘lgan odam Kanada sog‘liqni saqlash tizimida bo‘lishi kerak. Shuningdek, qonunda ruhiy nosog‘lom kishilar yoki o‘zining evtanaziyasini oldindan buyurmoqchi bo‘lganlar murojaat qilganda evtanaziyani qo‘llash taqiqlanadi.
2016 yil fevralda Kanada Oliy sudi og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklar holatida shifokorlarga evtanaziya o‘tkazishga ruxsat berdi. Shu tariqa 1993 yildan beri amal qilgan evtanaziyaga taqiqlov bekor qilingan.
Shveytsariya, Shvetsiya, Belgiya va Niderlandiya kabi bor-yo‘g‘i bir nechta davlatlardagina evtanaziya o‘tkazishga ruxsat berilgan.