7 va 8 aprel kunlari 80 ga yaqin Rossiya va xorijiy OAV 9-sayyora ("X sayyora") sayyoramizdagi hayotga xavf solayotgani haqidagi ma'lumotlarni chop etishdi. OAV bu ma'lumotni The Sun nashriga iqtibos keltirgan holda berishgan. Nashr esa o‘z navbatida olim Deniel Uitmayyerning so‘zlaridan havola keltirgan.
Aslida bu xabar Deniel Uitmayyer faoliyat yurituvchi Arkanzas universiteti saytida 30 mart kuni paydo bo‘lgan. Sobiq astrofizik bo‘lgan olimning o‘zi ayni vaqtda matematikadan dars beradi va u 9-sayyora Yerdagi hayotga xavf solishi haqidagi nazariyasini 1985 yildayoq bildirgan. Aynan o‘shanda bu nazariyaga bag‘ishlangan maqola Nature jurnalida chop etilgandi.
Uitmayyer nazariyasiga ko‘ra, 9-sayyora har 27 mln yilda Koyper kamari (Quyoshdan milliard kilometrlar uzoqlikda, Neptun orbitasi ortida joylashgan muz obektlarining disksimon sohasi, Quyosh tizimining chegarasi deb ham ataladi) orqali o‘tadi. Bu holat gravitatsion g‘alayonlarga olib keladi va buning natijasida 9-sayyora Koyper kamaridan asteroidlarni itarib chiqaradi. Buning natijasida ular Quyosh tizimining ichkarisiga yo‘nalib, undagi obektlarni, jumladan Yerni bombardimon qiladi. Professor Uitmayyer Yerda jonzotlarning ommaviy yo‘q bo‘lib ketishini aynan shu bilan bog‘lamoqda. 2015 yil noyabrda Uitmayyerning tadqiqoti Monthly Notices of the Royal Astronomical Society jurnalida yana bir bor chop etildi.
Uitmayyer nazariyasi 30 yil avval keltirilgan bo‘lsa-da, 9-sayyoraning ochilishi haqida 2016 yil 20 yanvardagina e'lon qilindi. Biroq "Iks sayyorasiga" "ochildi" so‘zini ishlatishga hozircha ertalik qiladi, chunki olimlarda ayni vaqtda uning mavjudligining nazariy asoslarigina mavjud. Mutaxassislarning baholashicha, 9-sayyorani izlashga bir necha yil talab qilinishi mumkin.