«Deportatsiya, chegara devori, bekor qilinadigan gumanitar yordamlar». Tramp prezidentligining ilk kunida nimalar qilishi ma’lum bo‘ldi

Jahon 00:35 / 13.11.2024 12427

AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp o‘z boshqaruvining birinchi kunida immigratsiya nazoratini kuchaytirish va amaldagi prezident Jo Baydenning asosiy dasturlarini to‘xtatishga qaratilgan «bir qator ijro choralarini» ko‘radi. Bu haqda Reuters agentligi vaziyatdan xabardor uchta manbasiga tayanib xabar berdi.

Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu choralar Federal immigratsiya xizmatiga sudsiz ko‘proq insonlarni hibsga olish, qo‘shinlarni Amerika—Meksika chegarasiga joylashtirish va chegara devori qurishni qayta tiklash imkonini beradi.

AQShning Meksika bilan chegarasida metall devor qurish rejasi Trampning birinchi prezidentlik davridagi asosiy maqsadlaridan biri edi. Qurilish 2018 yilda boshlangan. Trampning o‘rniga kelgan Bayden qurilishni to‘xtatib qo‘ygan, biroq o‘tgan kuzda bu boradagi ishlarni qayta boshlagan edi.

Tramp, shuningdek, Baydenning migrantlarga AQSh hududiga qonuniy kirish imkonini beradigan gumanitar dasturini to‘xtatish niyatida. Manbalardan birining aytishicha, immigratsiya xizmati deportatsiya ishlarida harbiy vertolyotlardan foydalanishi yoki boshqa idoralarga yordam so‘rab murojaat qilishi mumkin.

Reutersʼning ikki suhbatdoshining ta’kidlashicha, Tramp chegaraga Milliy gvardiya qo‘shinlarini yuborib, noqonuniy immigratsiya tufayli mamlakatda favqulodda holat e’lon qilmoqchi. 

Associated Press’ning eslatishicha, Tramp prezidentligining birinchi kunida «jinoyatchilarni yo‘qotish uchun Amerika tarixidagi eng katta deporatsiya dasturini» ishga tushirishga va’da bergan. Respublikachi mamlakatdan 15-20 million noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborishni reja qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: