AQSh Davlat departamenti Suriyada amerikalikning ozod etilishi uchun Rossiyaga minnatdorchilik bildirdi

Jahon 09:19 / 09.04.2016 874

AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Mark Toner Suriyada AQSh fuqarosi Kevin Patrik Dousning ozod etilganini tasdiqladi. Amerikalik fotosuratchi 2012 yilda Suriyada yo‘qolib qolgan. O‘shandan beri u bilan aloqa o‘rnatishning iloji bo‘lmagan.

Rossiya fotosuratchini asirlikdan ozod qilishda yordam berdi. Shu munosabat bilan AQSh Davlat departamenti Rossiya hukumatiga bu ko‘magi uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.

Avvalroq AQSh hukumati bir fuqarosining ozod etilganini ma'lum qilgandi, biroq uning nomini aytmagandi. Ayni vaqtda gap 33 yoshli Dous haqida ketayotgani ma'lum bo‘ldi. Dous Turkiya-Suriya chegarasini kesib o‘tgandan keyin g‘oyib bo‘lgan. AQShning ta'kidlashicha, Dousni Suriya hukumati bilan aloqasi bo‘lgan guruh asirlikda ushlab turgan.

"Biz AQSh fuqarosi nomidan Rossiya hukumatining bu masaladagi sa'y-harakatlari uchun minnatdorchiligimizni bildiramiz", deb aytdi Toner.

Toner Dous "boshqa Suriyada emasligini" ta'kidlab o‘tdi. Ta'kidlanishicha, Dous Moskvaga Rossiyaning harbiy-transport samolyoti bilan olib kelingan va AQSh elchixonasiga topshirilgan, so‘ngra Rossiya hududini tark etgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligida amerikalikning ozod etilishida ko‘mak ko‘rsatilgani tasdiqlandi.

"Bir qancha vaqt oldin AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Suriyada bo‘lishi mumkin bo‘lgan AQSh fuqarolarini qidirishda yordam berish iltimosi bilan murojaat qilgandi. Olib borilgan ishlar natijasida ulardan biri – Kevin Dous Suriyaga noqonuniy qirgani va boshqa qoidabuzarliklari uchun ushlab turilgani aniqlandi. Bizning murojaatimizga javoban Suriya hukumati rahm-shafqat ko‘rsatib, insonparvarlik nuqtai nazaridan amerikalikni ozod qilishni lozim topdi", deb bunga izoh berdi Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

Ko‘proq yangiliklar: