Zulfiqor Musoqov: Baxtiyor Qosimovning o‘limi - og‘ir judolik

Jamiyat 10:36 / 08.04.2016 6810

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Qosimov 7 aprel kuni 63 yoshida vafot etdi. O‘zbek kinematografiyasining bu og‘ir judoligi haqida Zulfiqor Musoqov Sputnik muxbiriga so‘zlab berdi.

Rejissyor ko‘p sonli filmlarda suratga tushgan, har bir roli tomoshabinning yodida qolgan, suratga olish maydonchasida chin dildan xizmat qilgan aktyorni e'tirof etib o‘tgan.

"Men Baxtiyor Qosimov bilan bor-yo‘g‘i bir marta hamkorlik qilish baxtiga muyassar bo‘lganman. U bilan ishlash juda oson kechgan. U hech qachon gap talashmasdi, o‘z ishining haqiqiy ustasi edi. O‘z personajini hech kim uchalik his eta olmasdi, uning xarakteridagi eng nozik detallarni ham ilg‘ay olardi, shuning uchun aktyorning roli to‘laqonli hayotiy chiqardi. Baxtiyor Qosimov roliga shu qadar kirishib ketardiki, uni hech kim to‘xtata olmasdi. Uning yorqin va jonli obrazlari O‘zbek kinematografiyasi hamda tomoshabinlar yodida abadiy muhrlanib qoladi", - deydi chuqur qayg‘u bilan rejissyor.

"Qosimov juda rahmdil inson edi. Biror kimsani eslay olmaymanki, undan ranjigan yoki norozi bo‘lsa. U o‘zidan keyin yorug‘ xotiralar qoldirdi. Aktyorning ijodi - endigina ijodga kirib kelayotgan yosh artistlar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi. Biz barchamiz bu judolikdan chuqur qayg‘udamiz va hamkasbimizni doimo yodda tutamiz", - deydi Zulfiqor Musoqov.

Baxtiyor Qosimov 1953 yilda Toshkent shahrida rejissyor va aktyor Nig‘mat Qosimov oilasida tug‘ilgan. Ijodi davomida aktyor 40dan ortiq filmlarda rol ijro etgan. U “Zarb”, “Uchar otlar”, “Gumrohlar”, “Arosat”, “Uqubat”  va boshqa o‘nlab filmlardagi rollari orqali o‘zbek kinotomoshabini ko‘nglidan joy olgan. 2013 yilda “Bog‘” filmida o‘ynagan roli uchun Baxtiyor Qosimov “Oltin gepard” mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: