Reddit forumi foydalanuvchisi iPad planshetlarida nima uchun kalkulyator yo‘qligini tushuntiruvchi voqea haqida so‘zlab berdi.
Forumning tangoshukudal taxallusi ostidagi erkak avval Apple’da ishlagan. Birinchi iPad faqatgina prototip ko‘rinishida mavjud bo‘lganda, uni yaratish ustida ish olib borgan xodimlar kalkulyatorni yaratish bo‘yicha ishni yakunlagach, uni kompaniya rahbari Stiv Jobsga ko‘rsatishgan. Kalkulyator butun ekranga yoyilgan holda bo‘lgan va Jobs uni ko‘rib zudlik bilan o‘zgartirishni talab qilgan.
Kompaniya xodimlari yangi dizaynni yaratish uchun vaqt yo‘qligini anglashgani uchun planshetning birinchi modelida kalkulyatordan voz kechishga qaror qilingan. Keyinroq kalkulyator Apple’ni boshqa funksiyalarga nisbatan shunchalik kam o‘ylantirganki, uni yaratish loyihasiga qaytmaslikka qaror qilingan.
Bu voqeaning haqqoniyligi hech narsa bilan qo‘llab-quvvatlanmagan, biroq forum sharhlovchilari voqea mullifi haq bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.