Olma-otada yashovchi 81 yoshli Lena Tansiqboyeva xorijga birinchi marta 79 yoshida chiqqan. Shu davr mobaynida u Angliya, Fransiya, Tailand va AQShga borib kelishga ulgurdi. Bu yil oila a'zolari uni Makkaga olib borishmoqchi.
Uning nabirasi Oydin Tansiqboyevaning so‘zlariga ko‘ra, ular har bir safar oldidan buvilari bilan maslahatlashadi. Agar onaxon sayohatdan bosh tortsa, nabiralar ham yo‘lga chiqishmaydi.
Oxirgi marta sayohatchi oila Nyu-Yorkka tashrif buyurdi. Amerikaning eng yirik shahrini ular tasodifan tanlashmadi – bu yerda Oydinning opasi ta'lim oladi.
Lena Tansiqboyeva barcha safarlarni yaxshi o‘tkazadi. “Buvimning sog‘ligi juda yaxshi. Hatto shifokorlar buvimning yuragi xuddi 18 yoshlilarnikidek, deyishadi”, -maqtanadi nabira.
Oydin shuningdek, buvisining quvnoq, ochiq ko‘ngilli ekanini ham aytdi.
“U ochlikdan boshqa har qanday sarguzashtlarga tayyor. Lekin shu bilan birga bizni tartibga ham chaqirib turadi”, -deydi nabira.
Sayohatchilar mahalliy taomlar bilan bog‘liq muammolarga ham duch kelib turishadi. Masalan, ular Angliyaga o‘zlari bilan qazi olib borishgan. Ispaniya, Fransiyaga esa qazi olib ketishmagani uchun rosa pushaymon bo‘lishgan, bu yerlarda onaxonga ovqatlar yoqmagan. U asosan non va makaronlar iste'mol qilgan. Tailandda esa baliq bilan taomlangan. Amerikada u va qarindoshlari alohida taom tayyorlashgan. Onaxonga fast-fud ham yoqadi.
Lena Tansiqboyevaning olti nafar farzandi, 17 nafar nabirasi va 12 nafar evarasi bor. U sayohatlarga Olma-otada birga yashaydigan oila a'zolari bilan chiqadi.
“Buvimga dunyo ko‘rish imkoniyatini biz bermadik, aksincha u bizga shunday imkon berdi. U bizni o‘stirdi, uning mehnatlari tufayli biz hozirgi darajamizga yetib keldik. Buvimni sayohatga olib ketish masalasi muhokama qilinmaydi. Agar u bormasa, biz ham bormaymiz”, - deydi Oydin.