Xitoyning Shansi viloyatida yashaydigan egizaklar bo‘lgan ikki juft er-xotin bir-birlarini adashtirib qo‘ymaslik maqsadida plastik jarrohlik amaliyotidan o‘tadi. Bu haqda Daily Mail xabar qilgan.
Opa-singil egizaklar Yun Fey va Yun Yan fevral oyida turmushga chiqishdi. Qo‘shni qishloqda yashovchi aka-uka egizaklar Chjao Sin va Chjao Syuan ularning umr yo‘ldoshlariga aylanishdi. Ularning to‘rtalasi ham turmush o‘rtog‘i aslida kim ekanligini farqlay olmagani sabab o‘z qiyofasini o‘zgartirishga qaror qilgan.
Egizak ukaning aytishicha, bir kuni u sayrga chiqqanida, yonidagi ayol uning kelinoyisi bo‘lib chiqqan. Bundan tashqari, egizaklardan iborat bu ikki yosh oilani ularning yaqin qarindoshlari va do‘stlari ham ajrata olmay qolishdi.
Shanxaydagi shifoxonalarning biridagi shifokorlar operatsiya o‘tkazishga va mijozlarning qiyofasini birozgina o‘zgartirishga rozilik bildirgan. Shifokorlar so‘zlariga ko‘ra, er-xotinlarning peshona va burun qismini o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.