AQShning Apple kompaniyasi 2008 yildan boshlab AQSh tergov idoralariga 70 dan ko‘proq iPhone smartfonlarini ochishga yordam bergan. Oxirgi oylarda yuz bergan yana 13 holatda kompaniya buni qilishdan bosh tortgan. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasi xabar berdi.
Gazeta bunda Apple’ning Riversayd shahridagi (Kaliforniya shtati) sudga taqdim qilgan materiallariga asoslanmoqda. Bu sudda kompaniya va AQSh adliya vazirligi o‘rtasida tortishuv taftish qilingan. Nashrning ma'lum qilishicha, federal idoralar birinchi marta Apple’ga smartfonni ochib berish iltimosi bilan 2008 yilda Uotertaun shahrida bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilinishi bo‘yicha ishni tergov qilish doirasida murojaat qilgan. Bu holatda kompaniya rahbariyati nafaqat mahalliy prokuraturaga yordam bergan, balki tegishli sud hukmi loyihasini tuzishga ham yordam bergan.
Tomonlarning hamkorligi 2013 yilgacha davom etgan. Biroq AQSh maxsus xizmatlarining elektron kuzatuvi usullarini oshkor qilgan AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden sababli kompaniya bu borada o‘z fikrini tubdan o‘zgartirgan. Kompaniya bu holatdan keyin "o‘z mahsulotlari himoyasi darajasini tezda oshirdi va AQSh hukumati so‘rovlariga shubha bilan qaraydigan bo‘ldi", deb tushuntirmoqda nashr.
Fevralda Riversayddagi sud Apple’ni Federal qidiruvlar byurosiga Kaliforniyaning San-Bernardino shahrida terakt uyushtirgan terrorchilardan biri Said Faruqga tegishli bo‘lgan smartfonni ochib berish majburiyatini qo‘ygan. Kompaniya rahbari Tim Kuk FQBning talabini bajarishdan bosh tortgan. Uning aytishicha, smartfondagi teraktni tergov qilish nuqtai nazaridan muhim sanalgan ma'lumotlar hukumat vakillariga taqdim qilingan. Kuk maxsus xizmatga iPhone’larni ochishga imkon beruvchi dasturni berish niyati yo‘qligini aytgan, chunki bu hukumat tomonidan foydalanuvchilar haqidagi shaxsiy ma'lumotlarning olinishi xatarini yaratishi mumkin edi.