Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) va "Formula-1" poygasini boshqaruvchi kompaniya rahbari Berni Ekklstoun jamoalarning saralash bosqichi formatini 2015 yilda amal qilgan shakliga qaytarish bo‘yicha iltimosini ma'qulladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar bermoqda.
2016 yilgi mavsum oldidan "Formula-1"da yangi saralash formati kiritildi. Avval saralash 3 bosqichdan iborat bo‘lgan. 1-bosqichdan keyin 6 poygachi, 2-bosqichdan keyin yana 6 poygachi chiqib ketgan. Yangi formatga ko‘ra, har bir bosqich bo‘yicha vaqtning ma'lum oraliqlarida eng sekin harakat qilgan poygachilarning chiqib ketishi usuli qo‘llanadi.
Yangi format mavsumning Avstraliya va Bahrayndagi birinchi bosqichlarida qo‘llandi hamda poygachilar, jamoa rahbarlari va muxlislar tomonidan ko‘plab tanqidlarga uchradi. Avtopoyganing barcha 11 jamoasi FIA va poyga rahbariyatiga murojaat qilib, avvalgi saralash formatini qaytarishni so‘radi.
"Barcha jamoalardan iltimos olingandan keyin FIA prezidenti Jan Todt va Berni Ekklstoun chempionat manfaati yo‘lida 2015 yilgi saralash formatini qaytarish bo‘yicha taklifni "Formula-1" komissiyasi va FIA’ning avtosport bo‘yicha butunjahon kengashiga ko‘rib chiqishga berishga rozi bo‘ldilar", deyilmoqda xabarda.
Agar taklif poyganing rahbar idoralari tomonidan ma'qullansa, 2015 yilgi formatga Xitoy Gran-prisidayoq qaytilishi mumkin va mavsum oxirigacha shu format saqlab qolinadi. Xitoy Gran-prisi Shanxayda 15-17 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.