2016 yilning 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qozog‘iston Respublikasining yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayevni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV sayti xabar bergan.
Elchi ishonch yorlig‘ining nusxasini topshirdi.
Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Davlatlararo aloqalarning barcha sohalaridagi bosqichma-bosqich va izchil rivojlanishi O‘zbekiston-Qozog‘iston oliy darajadagi muntazam muloqotiga asoslanishi ta'kidlandi.
Qozog‘iston O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biridir. 2015 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo aylanmasi 3 mlrd AQSh dollaridan oshganligini ko‘rsatdi. Tomonlar transport, kommunikatsiya va tranzit sohasida yaqindan hamkorlik qilishadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarining ruhiy yaqinligi va ko‘p asrlik tarixiga asoslangan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ikki tomon kun tartibida muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, uchrashuvda bo‘lajak ikki tomonlama siyosiy uchrashuvlarning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.