Moskvada Rossiya Mudofaa vazirligi binosida yong‘in chiqdi

Jahon 17:27 / 03.04.2016 1108

3 aprel kuni tongda Moskva shahrida joylashgan Rossiya mudofaa vazirligi binosida yong‘in ko‘tarildi. Bu yerda tashkilotning uy-joy bo‘limi joylashgan edi. 40 kishi binoni o‘zi tark etgan, yetti nafar kishi esa qutqarilgan. Voqea joyida yong‘inning, eng yuqori — murakkab darajasi belgilangan. Bu haqda poytaxt huquqni muhofa qilish organlari ma'lumotiga asoslanib, TASS xabar bermoqda.

«Poytaxtning Znamenka ko‘chasida joylashgan Rossiya Mudofaa vazirligining eski, besh qavatli binosida yong‘in chiqqan va olov barcha qavatlarni qamrab olgan», — dedi agentlik suhbatdoshi. Uning ma'lumot berishicha, voqea joyiga 30 nafardan ziyod o‘t o‘chirish-qutqaruv xodimi ishlamoqda.

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligining ma'lum qilishicha, ta'mirtalab binolardan birida tutun chiqqan, ammo u tezkor ravishda bartaraf etilgan. Tutun kabel tarmoqlaridagi tutashuvdan yuzaga kelgan. Vazirlik xabariga ko‘ra, yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Ayni damda Znamenka ko‘chasida barcha harakatlar to‘xtatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: