Tog‘li Qorabog‘ mojarosi yangilanishi tashabbuskori sifatida Turkiyadan gumon qilishmoqda

Jahon 17:44 / 02.04.2016 1237

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi prezidenti matbuot kotibi David Babayanning fikricha, mintaqada vaziyatning tanglashuviga Turkiya aloqador bo‘lishi mumkin. Bu haqda 2 aprel kuni Panorama.am agentligi xabar qildi. 

«Biz har doim, Ozarbayjonning bunday siyosati, faqatgina Bokuning tashabbusi bo‘la olmasligini ta'kidlab kelganmiz. Aytish mumkinki, uni ma'lum bir kuchlar, xususan, Turkiya qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lishi ehtimol», — degan Babayan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi ziddiyatning keskinlashuvi 1994 yildan beri kuzatilmagan edi.

«Ozarbayjon harbiy kuchlari, og‘ir qurollardan foydalangan, hatto chegaraning ayrim hududlarini buzib o‘tishga ham urinishgan, ammo keskin javob choralaridan keyin, yirik qurbonlar berib, o‘z joylariga qaytishgan», — deb ma'lum qilgan matbuot kotibi.

OAV mintaqada ziddiyatning keskinlashgani xaqida 2 aprel kuni ertalab xabar qila boshladi. Ozarbayjon va Armaniston bir-biriga zid xabarlarni bermoqda. Ikkala tomon ham, qarshi tomonning yirik yo‘qotishlari haqida so‘z yuritmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z navbatida tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Tog‘li Qorabog‘ asosan etnik armanlar istiqomat qiladigan, 1991 yili Ozarbayjondan mustaqilligini e'lon qilgan, tan olinmagan respublikadir. Rasmiy Bokuning mintaqa nazoratini harbiy yo‘l bilan qo‘lga kiritishga muvaffaqiyatsiz urinishidan so‘ng, 1994 yili, Ozarbayjon, Armaniston va Tog‘li-Qorabog‘ respublikasi Rossiya vositachiligida Bishkek sulhini imzolashgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: