Tadbirkorga “kun bermagan” soliq xizmati xodimi pora ustida qo‘lga tushdi

Jamiyat 17:25 / 02.04.2016 1196

Akmal Bozorovni Jizzax shahar davlat soliq inspeksiyasi organlarida xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash sho‘'basi tezkor xodimi lavozimiga ma'qul ko‘rishdi. Lekin A. Bozorov nafsi yo‘liga kirib, bu ishonchni oqlay olmadi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.

Soliq xodimi xizmat tekshiruvi o‘tkazish maqsadida “Ko‘k bozor” hududidagi kichik savdo kompleksiga boradi. Bu joyda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan Alisher Boymurodovning savdo jarayonidan qonunbuzarlik topib, undan tushuntirish xati oladi.

3 mln. 500 ming so‘m evaziga ishni rasmiylashtirmasligini aytadi. Shu tariqa A.Boymurodovning savdo do‘konidan 490 ming so‘mlik mahsulotlarni olib chiqib ketadi.

Oradan bir fursat vaqt o‘tib, aytgan pulidan 1 mln. kamaytirganligini, 2 yarim mln. yetishini aytadi. So‘ng yana do‘konga kelib, 516 ming so‘mlik mahsulotlarni olib ketadi. Uning bu ishlaridan norozi bo‘lgan tadbirkor bu haqda huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat etadi.

O‘tkazilgan tadbir davomida Akmal Bozorov Alisher Boymurodovdan qolgan 1 mln. 700 ming so‘mni pora tariqasida olayotganida qo‘lga olindi. Sud Akmal Bozorovni tamagirligi uchun munosib jazoladi. U olti yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: