Raneri: «Qolishdan norozi bo‘ladigan futbolchini ushlab o‘tirmaymiz. Biz baxtiyorlar jamoasi bo‘lishimiz kerak»

Sport 11:27 / 02.04.2016 876

«Lester» jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri Angliya chempionatining 32-turida «Sauthempton»ga qarshi uchrashuv arafasida jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

«O‘rtoqlik uchrashuvlaridan keyin jamoamiz yig‘ildi. Bolalar charchashgan, lekin o‘yingacha dam olishadi.

Endi biz jangovar kechadigan o‘yinlarga tushishimiz kerak. Jangovarlik bizga xos xususiyat.

Mavsum avvalidagi natijalarimizdan keyin biz katta bosim ostida qolib ketdik. Ammo hozir biz shunchaki maza qilib futbol o‘ynamoqdamiz. Endi barchasi o‘z qo‘limizda.

«Sauthempton» ham maydonga tushib, jang qiladi. Bu jamoa yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda. Ularning tarkibida bir qator yulduz futbolchilar jamlangan: Mane, Tadich, Pelle. Umid qilamanki, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi ostida bu o‘yinda ham o‘zimizga kerakli natijaga erishamiz», – deydi Raneri.

U shuningdek, jamoaning fransiyalik yosh yarim himoyachisi N’Golo Kante yozgi transferlar mavsumida jamoani tark etishi mumkinligi haqidagi savollarga javob berdi.

«Kante qolishi kerak deb o‘ylayman. Ammo uning transferi uchun katta summa berib, uning o‘ziga yaxshi kelishuv taklif qilishsa va uning o‘zi shuni tanlashdan baxtiyor bo‘lishini bildirsa, uni ushlab o‘tirmaymiz.

Men jamoamda qolganidan norozi futbolchi bo‘lishini istamayman. Jamoa baxtiyor insonlar jamoasi bo‘lishi kerak», – deya qo‘shimcha qiladi italiyalik mutaxassis.

Ma'lumot uchun, joriy mavsumda 25 yoshli Kante Angliya chempionatida 30 o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va uchta golli pasga mualliflik qildi.

Ayni vaqtda, «Lester» 31 uchrashuvdan keyin 66 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Soton» esa 47 ochko bilan yettinchi o‘rinda joylashgan. Jamoalarning uchrashuvi 3 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: