Poroshenko: Ukrainadagi siyosiy inqiroz tez orada barham topadi

Jahon 10:25 / 02.04.2016 1440

Ukraina hukumatini shakllantirish bo‘yicha siyosiy inqiroz, yaqin kunlarda poyoniga yetadi, deb bayonot bergan mamlakat prezidenti Petro Poroshenko AQSh poytaxtida qilgan chiqishida. Bu haqda UNIAN axborot agentligi xabar qilgan.

Poroshenkoning qayd etishicha, u davlat rahbari sifatida "ukrain deputatlari o‘z majburiyatlarini to‘la namoyon etishlariga" qattiq ishonadi. Prezident shuningdek, koalitsiya albatta tuzilishi va unga yangi bosh vazir nomzodini tasdiqlash borasida taklif kelishiga ishonchi komilligini ta'kidlagan.

"Biz bu masalani cho‘zib o‘tirmaymiz, gap hafta emas, balki bir necha kun yoki soatlar haqida bormoqda", - degan Ukraina davlat rahbari.

Ukrainadagi siyosiy inqirozga, Oliy Rada deputatlarining hukumat ishidan qoniqmaganlari, ammo bosh vazir Yatsenyuk iste'fosi uchun ovoz berishga imkon topa olmaganlari sabab bo‘ldi.

Bu holat o‘z navbatida, hukmron koalitsiyaning barbod bo‘lishiga olib keldi, mamlakat yangi parlament saylovlari ostonasida turib qoldi. Bir qator deputatlar esa, yangi koalitsiya tuzilishi hukumat tarkibining o‘zgartirilishi va yangi bosh vazir saylanishi bilan voqealar rivojini saylovga yetkazmaslik mumkinligini aytishgan edi. Biroq, Yatsenyuk o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqish niyatida emas.

Kiyev ekspertlari ushbu masala 29 martdan 1 aprelgacha bo‘lgan majlisda hal etiladi, degan fikrni ilgari surgan bo‘lsalarda, deputatlar biron ijobiy natijaga erisha olmadi. Oliy Radaning kelgusi majlisi esa, aprel oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: